Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:45

O‘zbek olimpiadachilarini “bayramona ruhda” kutib olish talaba-yoshlarga yuklandi


Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Botir Usmonov 22 avgust kuni Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalari rektorlariga 87-03-2509 sonli buyruq yubordi.

Vazirlik buyrug‘i nusxasi.
Vazirlik buyrug‘i nusxasi.

Ozodlik bog‘langan Toshkentdagi bir qator universitet mas’ullari bu buyruq ijrosi ustida ish borayotgani¸ talaba-yoshlarni olimpiadachilarni kutib olishga chiqarish ustida ma’naviyat masalalari bo‘yicha prorektorlar ishlayotganini bildirdilar.

“Kecha bizga vazirlikdan telefon ham qilishdi. Prorektorimiz hammamizni chaqirdilar. Bugun kechqurun chiqamiz. Hali o‘qish boshlanmagani uchun talabalar yo‘q. Lekin Toshkentda yashaydiganlarga telefon qilib¸ hammasini chiqaramiz”¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan Toshkent universitetlaridan biri xodimi.

Ayni paytda¸ Ozodlik suhbatdoshlari aynan qancha talabaning “yorqin liboslarda ko‘chaga chiqishi”ga oydinlik kiritishga qiynaldilar. “Yorqin liboslar” deganda vazirlik¸ aytilishicha¸ O‘zbekiston bayrog‘idagi oq¸ qizil¸ yashil va ko‘k ranglarda kiyinib chiqishni buyurgan.

Toshkent xalqaro aeroporti navbatchilik xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra¸ Rio olimpiadasida qatnashgan o‘zbek sportchilari jamoasi o‘tirgan charter uchqichining Toshkentga 20:20 da qo‘nishi belgilangan. Ayni paytda aeroport xodimi¸ uchqichning aniq qo‘nish vaqti haqida ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

Ayni paytda aeroport vakili ta’kidicha¸ xavfsizlik choralari bois¸ olimpiadachilarni kutib olishga chiqqanlar aeroport binosiga yaqin yo‘latilmaydi.

Kutib oluvchilar bir qator bo‘lib tizilishi aytilgan Nukus va Oybek ko‘chalarida¸ voqea joyidagi Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸ oqshomgi soat 6 dan boshlab "chaqirilganlar" to‘planib bo‘lgan.

"Spets odamlarni turg‘izib ko‘yishdi bayroq kiyimlarida -oq, qizil, yashil, ko‘k. Odam hozirdan ko‘p va sekin haydashayapti, ketish ehtimolim bor bu yerdan" deb yozdi sportchilarni o‘z xohishi bilan kutib olishga chiqqan oddiy toshkentliklardan biri.

O‘zbek sportchilarining Rio olimpiadasidagi g‘alabalari mamlakatda bayram qilinatganiga qaramay¸ olimpiadachilarni kutib olishning majburan tashkillashtirilishi ayrim yoshlarda e’tiroz uyg‘otmay qolmadi.

“Kim aytadi la’nati SSSR tugadi¸ biz ortga qaytishni xohlamaymiz¸deb! Hali o‘zi SSSR dan qutulmagan bo‘lsak¸ unga qaytish kimga kerak! Men sportchilarimizni kutib olish kerak emas¸ demayapman. Agar ommaviy axborot vositalari qachon¸ qaerga chiqishni risoladagiday e’lon qilsa¸ ko‘pchilik o‘z xoxishi bilan chiqishiga shubham yo‘q. Lekin bu ishni yana ahmoqona buyruq va navbatdagi xo‘jako‘rsinga qilishayapti”¸ deb yozdi Facebookka tashlagan bu buyruqqa munosabat bildirgan tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

Ayni kunlarda mahalliy matbuot o‘zbek sportchilarining Riodagi muvaffaqiyatini milliy iftixor ramzi sifatida taqdim etmoqda. O‘zbek qo‘shiqchilarining vatandosh sportchilari¸ xususan¸ medal sohiblariga atalgan qo‘shiqlar kuylamoqda. Xususan¸ “Bojalar” guruhining olimpiadachi-chempionlar nomlari birma-bir kuylangan yangi qo‘shig‘i ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketdi.

O‘zbekiston terma jamoasi Braziliya olimpiadasida mustaqillikdan beri eng ko‘p sovrin oldi va jami 13 ta medalni qo‘lga kiritdi. O‘zbek jamoasi umum hisobda Rioda medal olgan 87 davlat orasida 21-o‘rinni egalladi. 5 avgustdan 21 avgustgacha davom etgan Rio-de-Janeyrodagi XXXI Yozgi olimpiada o‘yinlarida o‘zbek jamoasiga eng ko‘p medal keltirgan bokschilar bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG