Shvetsiyaning Chalmers texnika universiteti yetakchiligida o‘tkazilgan tadqiqot uglerod tolalaridan akkumulyator elektrodlari o‘laroq foydalanish mumkinligini ko‘rsatdi. Bu esa uglerod tolalari energiya tizimi tarkibiga aylanadigan struktural akkumulyatorlar yaratish uchun yo‘l ochib beradi.
Bu kabi ko‘p funksiyali materiallar kelajak avtomobillari va uchoqlari vaznini keskin ozaytirishga ko‘maklashishi mumkin.
Yo‘lovchi samolyotlar elektr toki yordamida ishlashi uchun hozirgidan ancha yengil bo‘lishi kerak. Elektromobillar ko‘proq masofaga yura olishi uchun ham ularning vaznini ozaytirish kerak.
Chalmers texnika universiteti professori Leif Asp uglerod tolalaridan nafaqat struktural material, balki boshqa maqsadlarda foydalanish ustida ishlamoqda. Uning aytishicha, ulardan akkumulyator sifatida foydalanish avtomobil vaznini 50 foizgacha ozaytirish imkoni beradi.
Leif Asp yetakchiligidagi olimlar guruhi yaqinda uglerod tolalarining mikrotuzilmasi ulardan elektrodlar sifatida foydalanishga qanday ta’sir ko‘rsatishi yoritilgan ilmiy maqolani e’lon qilgan edi. Kichik va yaxshi tizilmagan kristallarga ega uglerod tolalari yaxshi elektromexanik xususiyatlarga ega ekanligi, ammo nisbatan yumshoqroq ekanligi aniqlangan. Katta, tartibli kristallarga ega tolalar esa mustahkam ekanligi, ammo ulardan struktural akkumulyator o‘laroq foydalanib bo‘lmasligi aniqlangan.
Leif Asp yetarlicha mustahkam bo‘lgan, ammo elektr energiyasini saqlashga qodir ko‘p funksiyali tolalarni ishlab chiqarish mumkinligini aytdi. Masalan, elektromexanik xususiyatlarga ega uglerod tolalari po‘latdan qattiqroq bo‘ladi. Ammo po‘latdan ikki barobarga qattiqroq bo‘lgan tolalardan akkumulyator sifatida foydalanib bo‘lmaydi.
Izlanuvchilar ayni damda ham avtomobilsozlik, ham samolyotsozlik sanoati xodimlari bilan hamkorlik qilmoqda. Aspning aytishicha, samolyotlar uchun qalinroq uglerod tolalaridan foydalanishga to‘g‘ri kelishi mumkin, chunki samolyot tanasi mustahkam bo‘lishi kerak.
Professor struktural akkumulyatorlarda yonuvchan moddalardan foydalanilmasligini, shu sabab esa ular standart akkumulyatorlardan xavfsizroq bo‘lishini qo‘shimcha qildi.