Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2019, Тошкент вақти: 17:44

MB naqd valyuta erkin savdosini e’lon qildi. Bozor sarosimada. Mutaxassislar xursand


"Ipotekabank"ning valyuta kurslari tablosi. 2019, 20 avgust

Valyuta bozorini yanada erkinlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yilning 20 avgustdan boshlab tijorat banklari tomonidan naqd xorijiy valyutani sotish yo‘lga qo‘yiladi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy saytida 20 avgust kuni xabar qildi.

Markaziy bankning bu bayonoti ortidan mamlakat valyuta bozorida sarosima alomatlari sezildi: qora bozorda 1 AQSh dollari narxi 9700 so‘mga ko‘tarildi. Tijorat banklari mijozlarga naqd valyuta sotmadi.

Moliyaviy tahlilchilar Markaziy bankning 20 avgust kungi qarorini ijobiy baholadi. Ularning fikricha, valyuta bozorida boshlangan sarosima vaqtinchalik ko‘rinishdir.

Qaror va uning izohi

Markaziy bank o‘zining 20 avgust kungi qarorini izohlar ekan, so‘nggi kunlarda ichki banklararo valyuta bozori savdolarida almashuv kursi o‘zgaruvchanligining ortishi kuzatilayotgani, xususan, 20 avgustdagi birja savdolarida so‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 9384 so‘mni tashkil qilganini qayd etdi.

MB o‘z bayonotida so‘nggi oylarda ayirboshlash kursi dinamikasi qaysi omillar ta’sirida shakllanganini uqtirgan.

Bankka ko‘ra, birinchisi - xalqaro omillar, ya’ni jahon iqtisodiyotidagi xatarlarning ortgani, jahon bozoridagi yetakchi o‘yinchilar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar va ularning o‘zbek so‘miga ta’siridir.

Ikkinchi omil esa, ichkidir. “Yuqoridagi omillar ... eksport “narxining ko‘tarilishi” va import jozibadorligi" ga olib kelmoqda. "Natijada, so‘nggi yillarda ichki valyuta bozorida talabning barqaror o‘sishi kuzatilmoqda” deyilgan MB bayonotida.

MB 20 avgustdan boshlab tijorat banklari tomonidan naqd xorijiy valyutani sotish yo‘lga qo‘yilishini e’lon qilar ekan, ayni paytda bunday degan:

“Shu bilan birga, Markaziy bank ichki valyuta bozoridagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etadi hamda tashqi omillar ta’sirini kamaytirish va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muvozanatini ta’minlash maqsadida bozor mexanizmlaridan foydalanadi. Xususan, Moliya vazirligi bilan birgalikda ekspansion kreditlash va fiskal siyosatini cheklash orqali inflyatsiya va valyuta kursiga qo‘shimcha bosimni pasaytirish bo‘yicha choralar ko‘rib boriladi”.

MB qarori valyuta bozorini sarosimaga soldi

MBning 20 avgust kungi bayonoti, aftidan, yashin tezligida tarqadi va shu kun ertalabdanoq aholida biroz sarosima uyg‘otdi. Valyuta bozoridagi yangiliklardan yaxshi xabardor toshkentliklardan kun davomida olingan xabarlarga qaraganda, 20 avgust ertalab soat 10 gacha qora bozorda 1 AQSh dollari 9700 so‘mgacha ko‘tarildi.

Agar bu ko‘rsatkich 3 kun avval 9200, 19 avgustda esa, 9300 bo‘lgani eslansa, bozorda sarosima alomatlari sezilmoqda, deyish mumkin.

Biroq 20 avgust kechgacha qora bozorda 9700 so‘mlik marra saqlanib qoldi.

Ayni paytda bir qator mijozlarning Ozodlikka aytishicha, 20 avgust kuni tijorat banklari “yuqoridan instruksiya kelmagani” uchun naqd valyuta sotmadi.

MB bayonoti ortidan banklarning telefonlari qo‘ng‘iroqlardan bo‘shamayotganga o‘xshaydi. Har holda Ozodlik bog‘lanishga uringan Xalq bankining ham, Agrobankning ham telefonlari band bo‘ldi.

Markaziy bank matbuot xizmati barcha ma’lumot bank rahbariyati bayonotida mavjudligini aytib, savollarga javob bermadi.

Mutaxassislar: MB to‘g‘ri qaror qabul qildi

Iqtisodiyot fanlari doktori Xonnazar Omonov, Ozodlik savollariga javoban, MBning 20 avgust kungi qarorini ijobiy qadam sifatida baholadi:

- Yaxshi ish qilishibdi. Chunki davlat iqtisodiyotdan qo‘lini sekin-asta tortayapti. Valyutaning narxi bozorda talab va taklif asosida shakllanishi lozim. Boshida narx biroz ko‘tarilishi mumkin. Keyinchalik tushish holatiyam bo‘lish ehtimoli bor.

20 avgust kuni Toshkentning valyuta bozorida kuzatilgan sarosima alomatlarini olim vaqtinchalik ko‘rinish sifatida baholar ekan, bunday dedi:

- Bu vaqtinchalik ko‘rinish. Ajiotaj davom etaveradigan bo‘lsa, Markaziy bank bozorga ko‘proq valyuta tashlaydi. Buning uchun Markaziy bankning yetarlicha valyuta zahiralari mavjud.

Хонназар Омонов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:51 0:00
Бевосита линк

Ma’lumot uchun: Markaziy bank 13 avgustda O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi yarim yil yakunlari bo‘yicha 14 mln dollarga kamayib, 1 avgustda 27,7 mlrd dollarni tashkil etganini bildirgan edi.

Bundan xorijiy valyutadagi aktivlar hajmi - 12,28 mlrd dollar (bir oy ichida +820 mln dollar), monetar oltin 15,08 mlrd dollardan (-830 mln dollar) iborat.

"MB qarori eksport hajmi ortishiga yo‘l ochadi"

O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, iqtisodchi olim Saparboy Jubayev MBning 20 avgust kungi qarori mamlakat iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi to‘g‘risida bunday dedi:

- Birinchidan, milliy valyutaning real qadri belgilanadi. Ikkinchidan, joriy yil birinchi natijalariga ko‘ra, importimiz eksportdan ikki barobar ko‘payib ketugan edi. So‘mning real kursi eksportchiga rag‘bat beradi.

Сапарбой Жубаев билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:35 0:00
Бевосита линк

MB o‘z qarorini yana tushuntirdi

20 avgust, kechga yaqin Markaziy bank shu kun tongdagi qarorini sharhladi.

“Bugun valyuta birjasidagi savdolarda so‘m almashuv kursining 2,76%ga pasayishi kuzatildi. Bu holat Markaziy bank tomonidan birja savdolaridagi valyuta kursini 0,5%lik tebranish chegaralarini bekor qilish borasidagi qaroridan so‘ng vujudga keldi” deb boshlangan MB sharhi.

"Kechagi" va undan oldingi yillardagi valyuta siyosati

Markaziy bank 2017 yilning 5 sentabrida o‘zbek so‘mining bir AQSh dollariga nisbatini 4210 so‘mdan 8100 so‘mga tushirgan edi. ​

O‘zbekiston Markaziy banki o‘z qarorini prezident Mirziyoyevning “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ortidan qabul qilgan.

Prezidentning bu qarori qabul qilingunicha Birinchi prezident Islom Karimov shakllantirgan valyuta siyosati hukmron edi.

Karimov davrida xorijiy valyutalarning bir necha kursi mavjud edi. Bunday siyosatni hatto davlat televideniesi ham tanqid qilgan, 2017 yilning 30 iyulida efirga uzatilgan ko‘rsatuvda, jumladan, bunday deyilgan edi:

"Yaqin o‘tmishda jahonning iqtisodiy peshvolari O‘zbekistonning peshonasiga qancha tamg‘a urgan bo‘lsa, O‘zbekistonning sha’niga necha bor malomatlar yog‘dirgan bo‘lsa, O‘zbekiston korchalonlari iqtisodiy uquvsizlikda necha bor ayblanib boshidan ne bir sho‘rishlar kechgan bo‘lsa shu - valyuta siyosatini, deb bo‘ldi. Buni bugun ochiq aytmoq kerak. Yana dangal aytish kerakki, valyutaning to‘rttalab kursi mavjud bo‘lib kelgani, qora bozor atalmish sharmandali holatning taraqqiyot oyog‘iga tushov bo‘lgani aynan Prezident boshlagan islohotlar sabab asta sekin abas bo‘lib, yo‘qlik sari ravona bo‘lmoqda".

Алоқадор

XS
SM
MD
LG