Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 19:28

Dizel-yonilg‘i yo‘qligi uchun yakshanba kuni Toshkentda avtobuslar yurmadi


Samarqandda ishlab chiqarilgan Isuzu miniavtobusi.

15 sentabr, yakshanba kuni Toshkent shahar jamoat transporti ishida uzilishlar kuzatildi – avtobuslar odatdagidan kamroq qatnadi.

“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati o‘sha kuniyoq uzilish sodir bo‘lganini tan oldi va yuzaga kelgan vaziyatni avtobuslarni dam olish kunlari kelgusi hafta uchun tayyorlash zarurati bilan izohladi.

Jamiyat bayonoti ortidan Ozodlikka murojaat qilgan bir necha haydovchi o‘z rahbariyatini haqiqatni yashirganlikda ayblab, avtobuslar ishga chiqmaganini yonilg‘i yo‘qligi bilan izohladi.

“Toshshahartransxizmat”ga qarashli avtobus parklaridan biri rahbariyati vakili yakshanba kuni solyarka bo‘lmaganini tan oldi

“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati o‘zining Telegram-kanali orqali yakshanba kuni paydo bo‘lgan vaziyatni juda tez - o‘sha kuniyoq xabar qildi:

Transport vositalarining harakat jadvalidan kamroq harakat qilgani turli ijtimoiy tarmoq va jamoatchilik o‘rtasida biroz noroziliklarga ham sabab bo‘ldi.

“Bugungi dam olish kuni ham jamiyat jamoasi uchun sinovlarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, turli omillar sabab aksariyat yo‘nalishlarda transport vositalarining harakat jadvalidan kamroq harakat qilgani va bu turli ijtimoiy tarmoq va jamoatchilik o‘rtasida biroz noroziliklarga ham sabab bo‘ldi”.

Matbuot xizmati yuzaga kelgan vaziyat sabablarini tushuntirishga urindi:

“Jamiyat tomonidan ertangi kun uchun barcha yo‘nalish avtobuslarini jadval asosida chiqarish uchun kerakli ishlar amalga oshirildi. 16 sentabrdan boshlab avtobus qatnovlari yana belgilangan jadval asosida o‘z faoliyatini davom ettiradi”.

Bayonotda “kerakli ishlar” nima ekanligi ochiqlanmagan. Matn boshrog‘ida esa, bunday deyilgan:

“…dam olish kunlari kelgusi hafta uchun tayyorgarlik ko‘rish, avtobuslarni texnik soz holda yo‘nalishga chiqarish, yoqilg‘i masalalarini o‘z vaqtida hal etish maqsadida kechayu kunduz samarali mehnat qilishlariga to‘g‘ri keladi”.

Ayni paytda “yo‘nalishlardagi bugungi (15 sentabrdagi – tahr.) uzilishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot beriladi” deb va’da qilingan.

Bugun 17 sentabr, lekin “Toshshahartransxizmat”ning Telegram-kanalida va’da qilingan ma’lumot paydo bo‘lmadi. Jamiyat matbuot xizmati telefonini birov ko‘tarmadi.

Lekin vaziyatga oddiy haydovchilar aniqlik kiritdi. Ulardan biri Ozodlikka mana bu gaplarni yozdi:

Ishxonamizning Telegramdagi xabarini o‘qidim. Gaplari yolg‘on. Avtobuslarni kelasi haftaga tayyorlash degan narsa yo‘q.

“Ishxonamizning Telegramdagi xabarini o‘qidim. Gaplari yolg‘on. Avtobuslarni kelasi haftaga tayyorlash degan narsa yo‘q. Har kuni ertangi kunga tayyorlanadi. Ishga chiqmaganimizning sababi solyarka yo‘qligi. Ishxonamizning neftebazadan qarzi bor. Avgust oyi uchun oylik ham olganimiz yo‘q hali”.

Bu xat ortidan boshqa bir haydovchi Ozodlikka 15 sentabr kuni dizel yonilg‘isida yuruvchi avtobuslar ertalab 1-2 soatdangina ishlab, parkka qaytib ketganini, chunki o‘sha kuni Isuzu avtobuslariga 10 litrdan, Mersedes va MAN avtobuslariga 30 litrdangina solyarka berilganini aytdi.

Avtobus haydovchilarining gaplarini “Toshshahartransxizmat”ga qarashli 9 ta avtoparkdan biri rahbariyatining o‘zini tanishtirishni istamagan vakili tasdiqladi.

O‘sha kuni solyarka bo‘lmagani uchun avtobuslar to‘la smena ishlamadi. Bu bor gap.

“O‘sha kuni solyarka bo‘lmagani uchun avtobuslar to‘la smena ishlamadi. Bu bor gap” der ekan, korxonaning neft bazasidan qarzi borligi to‘g‘risidagi haydovchilar iddaosini sharhlashni istamadi. “Mana kechadan beri odatdagiday ishlayapti avtobuslar, umuman, yakshanba kungi holat birinchi marta bo‘lishi”, dedi avtopark rahbariyati vakili.

Avtopark rahbariyati vakili yana bir-ikki gapdan keyin norozi ohangda mana bu gapni ham aytdi:

Erta-indin paxtaga odam olib borasan deyishadi, ana o‘shanda ko‘rasizlar tomoshani!

“Avtobuslar bir kun kamroq chiqqaniga shuncha gap qilayapsizlar, erta-indin paxtaga odam olib borasan deyishadi, ana o‘shanda ko‘rasizlar tomoshani!”

Rahbariyati bilan gaplashgach, haydovchilardan biri bilan yana bog‘landik.

“Ha, chindan ham bu yil birinchi marta bo‘ldi solyarka yo‘qligi uchun ishlamaganimiz. Lekin bu yil hisobidan kamida ikki marta liniyadaligimizda opkelib quyib ketishgan solyarkani ertalab to‘la quyib berishga yetmagani uchun” dedi haydovchi.

Maqola bitay deb qolganda yuqorida tilga olganimiz birinchi haydovchidan yana bir ovozli xabar keldi:

“Bugun ham solyarka tortilgan. Oddix kuniyam ish bo‘lmaydi deyishvotti”.

“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati yo‘lovchi tashish sohasida rahbarlik va xo‘jalik boshqaruvini amalga oshiruvchi vakolatli tashkilotdir.

“Toshshahartransxizmat” Vazirlar Mahkamasiga va Toshkent shahar hokimiyatiga hisobot beradi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG