Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:18

AQSh O‘zbekistondagi diniy erkinlik yaxshilanganini olqishladi¸ ammo maxsus ro‘yxatda qoldirdi


AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston diniy erkinlik bo‘yicha “real progress”ga erishayotgani, “muhim qadamlar” tashlayotganini olqishladi, ayni paytda qator muammolar mavjudligini qayd etdi.

Muammolar sirasida 2019 yilda jamoatchilikda keng muhokamaga sabab bo‘lgan bir necha voqea – ro‘molli o‘quvchilarning darsga kiritilmagani, hijobli talabalarning o‘qishdan haydalgani, erkaklarning soqollari majburan qirilgani hamda dindor blogerlarning qamalgani kabi holatlar tilga olingan.

AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) O‘zbekistonni “yomonlarning yomoni” ro‘yxatidan chiqardi, ammo hanuz diniy erkinliklar jiddiy ravishda buzilayotgani bois, maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatida qoldirdi.

Ayni paytda¸ Ozodlik gaplashgan ayrim ziyolilar¸ O‘zbekistonda diniy erkinlikning nisbatan kengayishi ayrim guruh va toifalarning jamiyatni diniy mutaassiblikka yetaklayotganidan xavotir bildirdi.

“Muhim qadamlar”

AQSh Davlat departamentining 2019 yilga oid hisobotda aytilishicha, O‘zbekiston hukumati diniy erkinlik vaziyatini yaxshilash bo‘yicha “muhim qadamlar” tashlamoqda.

Hisobotda eng muhim ijobiy qadam sifatida, diniy jamoalar ortidan kuch ishlatar tuzilmalar ta’qibi va reydlarning kuzatilmagani qayd etilgan.

Xususan, Davlat kotibi Mayk Pompeo 10 iyun kuni Vashingtonda o‘tgan matbuot anjumanida:

“Biz O‘zbekistonda 2019 yilda ro‘yxatdan o‘tmagan diniy jamoalar yig‘ilishlariga politsiya reydlari uyushtirilmay qo‘yganini qayd etdik. 2018 yilda bunday jamoalarga politsiya 114 ta, 2017 yilda esa 240 ta reyd uyushtirgan edi”, deb alohida ta’kidladi.

Ayni paytda, hisobotda dindorlarni katta guruhlarda hibsga olish, hibsxona hamda qamoqda saqlanayotganlarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanishiga oid xabarlarning kamaygani ham ijobiy qadam sifatida olqishlangan.

Mavjud muammolar

Hisobotda mamlakatda hamon diniy erkinlikni cheklash amaliyoti kuzatilayotgani, jumladan majburan erkaklarning soqolini qirdirish, ayollarning hijobini yechtirish kampaniyasi, ro‘molli o‘quvchilar hamda hijobli talabalarni ta’lim dargohlariga kiritmaslik hollari kuzatilgani alohia tilga olingan.

2019 yilning aprelida hijobini yechishdan bosh tortgani uchun ikki talabaning universitetdan quvilgani jamoatchilik tomonidan qoralangan va voqeani Ozodlik keng yoritgan edi.

O‘sha kezda ta’lim dargohlaridagi o‘quvchi qizlarning ro‘mol o‘rashlariga ruxsat berilishini talab qilgan taniqli bloger, Ziyouz ma’rifiy portali asoschisi Davron Tojialiyev O‘zbekistonda 11 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda diniy erkinliklar vaziyatini hanuz ideal darajada deb bilmasligini aytadi:

O‘zbekistonlik taniqli bloger, Ziyouz ma’rifiy portali asoschisi Davron Tojialiyev
O‘zbekistonlik taniqli bloger, Ziyouz ma’rifiy portali asoschisi Davron Tojialiyev

- Diniy erkinlik ideal darajada deb bilmayman. Kuzatishimcha, oxirgi yilda diniy sohadagi yangiliklar turg‘unlikka uchraganday. Mirziyoyev hokimiyatining 1-2-yillari diniy sohada ko‘p islohotlar qilingan edi. Mamlakatga boshlang‘ich diniy savodni chiqaradigan o‘quv markazlari juda kerak. Lekin bu masala hamon hal etilmayapti.

Tarmoqlarda diniy erkinlik

Ayni paytda, AQSh Davlat departamenti hisobotida, O‘zbekistonga qarashli onlayn vebresurslari hamda ijtimoiy tarmoqlarda diniy mavzularda yozayotgan blogerlar va foydalanuvchilar ancha erkinlashgani olqishlangan.

Hisobotda o‘zbekistonlik taniqli bloger, Islamonline.uz vebsayti asoschisi Adham Otajonov (ijtimoiy tarmoqlardagi taxallusi Abu Muslim) 2019 yil davomida o‘z faoliyatida biror to‘siqqa duch kelamaganini bildirgani aytilgan.

Facebook tarmog‘ida 24 mingdan ortiq o‘quvchisi Otajonov, 11 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda, 2020 yil davomida ham biror jiddiy to‘siqqa uchramagani, aksincha¸ yillar davomida chop etishi taqiqlangan kitoblarini nashrga topshirganini bildirdi:

O‘zbekistonlik taniqli bloger Adham Otajonov AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan, fevral, 2020
O‘zbekistonlik taniqli bloger Adham Otajonov AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan, fevral, 2020

- So‘nggi yillarda, diniy mavzuda yozganlarim bo‘yicha hech qanday tazyiqqa, bosimga uchraganim yo‘q. Oldin qog‘ozga o‘rab gapirgan bo‘lsak, hozir ba’zan to‘g‘risini aytib qo‘yyapmiz. Masalan, hijob va boshqa muhim masalasida bemalol gapiryapmiz. Yaqinda diniy qo‘mita, din ishlar bo‘yicha prezident maslahatchisi, diniy idora vakillari va boshqa kazo-kazolar blogerlar bilan uchrashdi. Qanday dardlaring bo‘lsa aytinglar, dedi. Hamma qiynagan narsalarni aytib oldik, uyalib, qisilib o‘tirmadik. Yaxshi suhbat bo‘ldi, shunday muloqot qilib turamiz, deb va’da qilishdi. Masalan, avvalgi davrda mening diniy va diniy hayot tahliliga oid kitoblarimga qo‘mita ruxsat bermayotgan edi. Yuboring qayta ko‘rib chiqamiz, deyishdi. Beshta kitobimni yubordim, yana beshtasi tayyor turibdi, bu kitoblar so‘nggi 30 yil ichida yozilgan. Qani ko‘ramiz.

Ayni paytda AQSh Davlat departamenti hisobotida, O‘zbekiston qonunchiligida, vebsaytlar yoki boshqa Internet tarmoqlari davlat va millat xavfsizligiga tahdid soluvchi, deb topilgan taqdirda, Adliya vazirligi tomonidan sud qarorisiz blok qilinishiga ruxsat berishidan xavotir izhor qilingan.

Forum 18 xavotirlari

AQSh Davlat departamenti hisobotiga dunyo davlatlaridagi diniy erkinliklarni kuzatib boruvchi nodavlat tashkilot - Forum 18 tashkilotining xavotir izhor qilingan kuzatuvlari ham kiritilgan.

Jumladan, ushbu tashkilot xabar qilgan bir holat – 2019 yilning 17 aprelida Buxorodagi qamoqxonada musulmon tutqun Xayrullo Tursunov qiynoqqa tutilgani hisobotga kiritilgan.

Forum 18 kuzatuvlariga ko‘ra, O‘zbekistonda hanuz qiynoqlar kuzatilmoqda, Haj ziyoratiga borish uchun pora talab qilish hollari davom etmoqda, yosh bolalar masjidga qo‘yilmayotir, diniy ta’lim hanuz taqiqlanganicha qolmoqda.

Ushbu tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Feliks Korlining Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistondagi umumiy vaziyat dindorlar uylariga reydlar, diniy materiallar musodarasi, katta guruhlarning sudlanishi ozayishi hisobiga yaxshi tomonga o‘zgargan.

Ammo diniy erkinlikni ta’minlovchi qonunchilikda hanuz biror jiddiy o‘zgarish qilinmagan:

Forum 18 tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Feliks Korli
Forum 18 tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Feliks Korli

“Hukumat bir necha yillardan beri qonunchilikni o‘zgartirib, kengroq diniy erkinliklar berishni va’da qilib kelmoqda, ammo hanuz bu ish qilinmadi. Biz hanuz, ular hozirlanayotganini iddao qilgan matnni ko‘rmadik. Bu matnni Forum 18 ko‘rishi muhim emas, muhimi buni o‘zbekistonliklar ko‘ra oladimi, parlamentga kiritilmasdan oldin unga o‘z munosabatini bildira oladimi, umuman olganda, bu o‘zgartirishlar qachon kiritiladi – hanuz noma’lum”, deydi Korli.

Shuningdek u, diniy jamoalar ro‘yxatga olinishi uchun hanuz 100 kishining imzosi talab qilinishi, diniy jamoalarga uylarida yig‘ilish taqiqlangani, diniy adabiyotlar ustidan senzura ham bekor qilinmaganini qayd etdi.

“Qonunchilikda va tizim faoliyatida, garchi propaganda va gap-so‘zlar ko‘p bo‘layotgan bo‘lsa-da, biror jiddiy o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Birgina kichik jiddiy o‘zgarish, “eng kam ish haqi” aniqlamasining “Bazaviy hisoblash miqdori” sifatida o‘zgartirishgani uchun, dindorlarga solinadigan jarima miqdorining ozayganidir. Ammo, aslida bu jarimalarning o‘zi xalqaro inson huqulariga zidku! Xo‘p, bu amaliyotning o‘zi o‘zgaradimi?! Buni hanuz hech kim bilmaydi”, dedi Feliks Korli.

Diniy erkinlik va terrorizm xavfi

Ayni paytda, hukumat bergan diniy erkinliklarning O‘zbekistondagi ayrim diniy jamoalar tomonidan suiste’mol qilinayotgani, buning ortidan ayniqsa, ijtimoy tarmoqlarda radikal kayfiyatdagi guruhlar faolligi oshishidan xavotirlar izhor qilinmoqda.

Psixologiya fanlari doktori, o‘zbekistonlik yozuvchi Mahmud Yo‘ldoshev bunday xavotir mutlaqo o‘rinlidir, degan fikrda:

Psixologiya fanlari doktori, o‘zbekistonlik ëzuvchi Mahmud Yo‘ldoshev
Psixologiya fanlari doktori, o‘zbekistonlik ëzuvchi Mahmud Yo‘ldoshev

- Javobim qisqa: bunday xavf nafaqat bor, balki ancha kattalashib ketdi. Oddiy bir holatni misol keltiraman, aytaylik 500 ta marosim qilinadigan bo‘lsa, buning aytaylik 200 tasi xotirlash kabi marosimlar bo‘lsa, hammasida dindorlar kamida 20 minutdan ma’ruza qilyapti.O‘zbekiston bo‘ylab bunaqa marosimlar qanchalab o‘tkazilyapti. Bular juda katta kuchga aylanib ketishi mumkin, ya’ni mutaassiblar ko‘payib ketishi mumkin. Payg‘ambarimiz aytganlarku: “Dinda chuqur ketmang!” deb. Din kerak, mening ham o‘zimga yarasha e’tiqodim bor. Din va e’tiqodlar qaysidir madaniyat bilan aralashtirilmasligi kerak. Biz tarixda chuqur ildizi bor xalqmiz, din e’tiqodni oldi degani bu o‘sha din qayerdan boshlab tarqagan bo‘lsa o‘sha yer madaniyatini ham olishimiz shart emasku?! Biz birgina siyosat yoki birgina yo‘nalishda tiqilib qolganimiz yo‘q, dunyoviy davlatmiz. Davlatning erkinlik qoidalari bor, har bir insonning erkinlik qoidalari bor. Bunga hammamiz teng amal qilishimiz kerak!

O‘zbekistonlik bloger Adham Otajonov fikricha ham, xavotirli holatlar bor, ammo buni avvalgiday diniy erkinlikni cheklash yo‘li bilan bartaraf etib bo‘lmaydi:

- To‘g‘ri, diniy erkinliklar oshishi bilan ba’zi oqimlar ham g‘imirlab qolishdi. Masalan, Hizbut-tahrir ancha faollashib ketdi, ayniqsa internetda, amnistiya bilan chiqqan ba’zi ashaddiylar ham o‘z qiliqlarini davom etirayotgani haqida info bor. Da’vatlari musulmonlar ichida tushunmovchiliklarga, tafriqaga sabab bo‘lmoqda, bu rost. Ammo jamiyatga tahdid, deb diniy erkinliklarni cheklash, repressiv munosabatda bo‘lish, boshi berk ko‘chadir. Dinni o‘rganishga taqiq qo‘yilar ekan, odamlar bunga qarab o‘tirmaydi, topib o‘rganaveradi. Mana shu joyda ba’zi toiflarning radikallashuviga yo‘l ochiladi. Bundan tashqari, davlat ham ma’lum bir firqa, mazhab, oqimlarning tarafini olmasligi kerak. Xullas, qilinadigan ishlar juda ko‘p. Nima bo‘lganda vaziyatga ham tayoq bilan emas, aql bilan yondashish kerak, deydi bloger.

Boshqa diniy jamoalar ahvoli

AQSh Davlat departamenti hisobotida qayd etilishicha, nasroniy diniy jamoalar va Islomdan boshqa diniy guruhlar erkinliklarini ta’minlashda ham ilgari tashlangan qadamlar kuzatilgan.

Jumladan, sakkizta cherkov ro‘yxatga olingan, “Iyegovo guvohlari” jamoasi ancha erkin ibodat qilish imkoni berilgani tilga olingan.

Xususan, 2019 yilning oktabr oyida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hisobotiga ushbu jamoa nomidan kiritilgan iqtibos keltirilgan:

“Diniy erkinlik toptalishi va muttasil ta’qiblar uzoq davom etgan yillardan so‘ng, O‘zbekiston hukumati “Iegovo guvohlari”ga munosabatda jiddiy ijobiy o‘zgarishlarga erishdi”.

Siyosiy mahkumlar

AQSh Davlat departamenti hisobotida O‘zbekistonda diniy erkinliklarning ta’mnlovchi qonunchilik masalasiga alohida to‘xtalgan.

Unda mamlakat Jinoyat kodeksida, ro‘yxatga olinmagan diniy guruhlar “noqonuniy” deb malakalangani, “ekstremist” ko‘rilgan guruhlar esa “taqiqlangan” qayd etilgan.

Ayni paytda, ushbu hisobotda fuqarolik jamiyati faollarining qonunchilikka kiritilgan “ekstremizm” tushunchasi ostida keng faoliyat turi ko‘zda tutilganidan xavotirda ekani aytilgan.

Qayd etilishicha, buning oqibatida amaliyotda, zo‘ravon bo‘lmagan diniy e’tiqod bilan terrorizmni qo‘llovchi g‘oyalarni bir-biridan huquqiy jihatdan ajratib olish hanuz imkonsiz bo‘lib qolmoqda.

Natijada, 2018 yil yakuniga qadar diniy qarashlari uchun qamoqqa tashlanganlar rasmiy soni 1 503 nafarni tashkil etgan. Hisobotga ko‘ra, mamlakatdagi nodavlat tashkilotlar hukumatning rasmiy raqamlarini mustaqil ravishda tasdiqlay olmasligini bildirgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG