Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2020, Тошкент вақти: 09:29

AQSh matbuoti: Lola Karimova Hollivuddagi uchta villasini qariyb 19 million dollarga sotuvga qo‘ydi


Los Anjelesning eng qimmat hududida Karimovaning birvarakayiga uchta villani sotuvga qo‘yganiga AQShdagi ko‘chmas mulk bozoridagi jarayonlarni yoritadigan bir necha internet nashri e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston marhum prezidentining kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva AQShning eng qimmat hududlaridan biri hisoblangan Hollivud tepaliklaridagi bir emas¸ uchta villasini bir paytning o‘zida sotuvga qo‘ydi.

Bu haqda AQSh ko‘chmas mulk bozoridagi voqealarni yorituvchi variety.com internet nashri 3 avgust kuni xabar qildi.

Nashrning yozishicha¸ uchala villa 2014 yilning yozida offshor kompaniyalari orqali 16.1 million dollarga sotib olingan bo‘lsa¸ hozirda ular 18.9 million dollarga sotuvga qo‘yilgan.

Los Anjelesning eng qimmat rayoni – Hollivud tepalikarida joylashgan villalarning eng arzoni uchun 5 million 995 ming¸ qimmati uchun esa¸ 6 million 495 ming AQSh dollari so‘ralmoqda. Uylardan eng kichigining yashash sathi 305 kv. metr¸ kattasi esa¸ 411 kv.metrdir.

Aytilishicha¸ uylar sotib olingan 2014 yildan to hozirga qadar Karimova-Tillayevlar bu villalarning birortasida yashamagan.

AQSh nashri tomonidan “diktator” deb tasniflangan Islom Karimovning kenja qizi sotuvga qo‘ygan villalar keyingi yillar mobaynida vaqti-vaqti bilan ijaraga beriladigan qimmatbaho ko‘chmas mulk ro‘yxatida ko‘zda tashlanib turgan.

Lola Karimova va uning eri Timur Tillayev sotuvga qo‘ygan bu uch villaning ikkitasi ularda dunyoga mashhur shaxslar yashagani bilan ko‘z-ko‘z qilinmoqda va ular narxi ham shunga ko‘ra qimmatroq baholangan.

Xususan¸ qariyb 6.5 million dollarlik villada¸ uni Lola Karimova sotib olgunga qadar¸ Amerika futboli yulduzlaridan biri Reggie Bush va uning sobiq ma’shuqasi Kim Kardashian yashagan. Variety.comning yozishicha¸ sotuv reklamasida villaning ana shu taniqli juftlik ta’biga ko‘ra ta’mirdan chiqarilgani alohida ta’kidlangan.

Sotuvga qjyilgan villalarning eng qimmatida Amerika futboli yulduzi o‘z ma’shuqasi bilan yashagan.
Sotuvga qjyilgan villalarning eng qimmatida Amerika futboli yulduzi o‘z ma’shuqasi bilan yashagan.

Uch qavatli bu villada¸ lift¸ kinoteatr¸ qimmatbaho oshxona¸ basseyn va xos spa saloni bor. Uni boshqa qimmat villalardan ajratib turadigan asosiy jihat esa¸ suratlardan ko‘rilishicha¸ adir tepasida joylashgani bois uning to‘rtala tomonidan Los Anjeles va Tinch okeani manzarasining kaftdagidek ko‘rinib turishidir.

6.4 million dollarlik ikkinchi villa¸ uning reklamasida iddao qilinishicha¸ Beatles guruhining dunyoga mashhur qo‘shiqchisi John Lennon va rafiqasi Yoko Oko tomonidan qayta qurilgan. Aftidan¸ bu iddaoni qo‘llovchi dalillar yo‘qligidan¸ AQSh nashri uni “mish-mish” deb atagan.

Jon Lennon va Ëko Ono qayta ta’mirlagani iddao qilingan ikkinchi villa.
Jon Lennon va Ëko Ono qayta ta’mirlagani iddao qilingan ikkinchi villa.

Marokash uslubidagi bu villada ham¸ suratlardan ko‘rinishicha¸ qimmatbaho parket va ustunlar¸ 1200 donagacha vino saqlashga mo‘ljallangan vinoteka¸ basseyn va boshqa qimmat unsurlar mavjud.

Karimovalar sotuvga qo‘ygan uch villaning 6 million dollardan sal arzoni¸ garchi unda taniqli shaxslar yashamagan bo‘lsa-da¸ reklama tasnifiga ko‘ra¸ barcha qulayliklarga ega va undan ham Los Anjeles va okean manzarasi ko‘rinib turadi.

Villalarning eng arzoni.
Villalarning eng arzoni.

Hollivud tepaliklaridagi ko‘chmas mulklarini yuritish bilan mashg‘ul bo‘lmagan paytida Tillayev va Karimova Beverly Hills mavzeidagi Le Palais saroyida yashashadi. Er-xotin 2013 yili 4460 metr kvadratlik bu villani 33 million dollarga sotib olgani bilan tanilgan edi. Muhammad Hadid qurgan bu ulkan villada yopiq basseyn¸ 200 mehmonga mo‘ljallangan bal xonasi¸ 40 odamga mo‘ljallangan kinoteatr¸ o‘ndan oshiq mashina sig‘adigan yer osti garaji va massaj xonasi bor”¸ deyiladi variety.com maqolasida.

Karimova-Tillayev juftligining bu qimmatbaho koshonasi esa¸ aytilishicha¸ Lola Karimovaning Los Anjelesdagi The Harmonist deb nomlangan atir do‘konidan bir necha minutlik masofada joylashgan. Do‘kon rasmiy saytida qo‘yilgan reklamasida Karimova unda dunyodagi eng noyob va eng qimmatbaho tabiiy unsurlardan qilingani aytiladigan atirlar sotilishini iddao qiladi.

Ayni paytda AQSh nashri¸ Karimovaning Los Anjelesdagi uyi u egalik qiluvchi ko‘chmas mulk ro‘yxatidagi eng qimmati emasligini eslatib o‘tadi.

Beverly Hills, Parij va Shveysariyaning Jeneva ko‘li atrofidagi eng hashamatli ko‘chada joylashgan villada yashovchi bu oila¸ mahalliy nashrlarning yozishicha¸ Shveysariyadagi uyini taqriban 47 million AQSh dollariga teng shveysar frankiga sotib olgan”¸ deyiladi variety.com maqolasida.

Dunyoning eng qimmat shaharlarining eng qimmat mavzelarida o‘nlab million dollarlik villalar sotib olishi ortidan G‘arb matbuoti nazariga tushgan Lola Karimova-Tillayeva otasi prezidentligi davrida O‘zbekistonning UNESCOdagi elchisi bo‘lgan.

Uning eri Timur Tillayev esa¸ O‘zbekistondagi eng yirik Abu Saxiy ulgurji bozoriga egalik qilgan.

Bu juftlikning ulkan boyligi¸ xususan¸ G‘arb zodagonlari orasidagi hashamatli hayot tarzi qator jurnalistik surishtiruvlarga asos bo‘lgan.

Xususan¸ The Black Sea va Fransiyaning Mediapart nashri 2017 yil e’lon qilgan surishtiruvda¸ Abu Saxiy kompaniyasining Birlashgan arab amirliklari va Shveysariyadagi offshor bank hisoblari vositasidagi murakkab moliyaviy sxemalar orqali 127 million AQSh dollari miqdorida naqd pulni o‘tkazgani aytilgan edi.

Ozodlik variety.com va AQShning boshqa qator nashrlarida 3 avgust kuni chop etilgan maqoladagi ma’lumotga izoh so‘rab¸ Karimova-Tillayevlarning AQShdagi advokatiga murojaat qildi.

Yozma murojaatda Ozodlik xususan¸ 2014 yil yozida birvarakayiga sotib olingan uch qimmatbaho villaga to‘langan pulning qayerdan olingani¸ bu pullarning The Black Sea va Mediapart surishtiruvida aytilgan 127 millionlik naqd pulga aloqadorligi bor-yo‘qligi¸ qolaversa¸ bu villalarning nima uchun aynan hozir birvarakayiga sotuvga qo‘yilganini so‘radi.

Juftlikning taniqli advokati Mark Reymond o‘z mijozlari bu savollarga javob bermasligini aytib¸ “no comment” deb javob qaytardi.

Ozodlikning Lola Karimova o‘z otasi prezidentligi davrida 100 million dollardan ko‘proq pulni nima uchun Los Anjelesdan qimmatbaho villalar sotib olishga sarflagani¸ marhum prezident kenja qizi va kuyovining Karimov o‘lgandan so‘ng O‘zbekistonda biznesi qolgan-qolmagani¸ ularning O‘zbekistondagi sobiq kompaniyalari faoliyati tekshirilayotganiga oid norasmiy ma’lumotlar haqidagi savollari ham javobsiz qoldi.

42 yashar Lola Karimova O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning ikkinchi qizi.

Karimovning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova 2014 yildan beri O‘zbekiston sudi tomonidan og‘ir iqtisodiy jinoyatlar¸ xususan¸ katta miqdordagi korrupsiya va pul yuvishda ayblanib¸ uzoq yillik qamoqqa hukm etilgan.

XS
SM
MD
LG