Линклар

Шошилинч хабар
28 октябр 2020, Тошкент вақти: 20:27

Putin: Rossiya Lukashenko iltimosiga binoan "rezerv qo‘shin" tuzdi (VIDEO)


A.Lukashenko V.Putindan "tartibsizliklarni bostirishga ko‘maklashishni" so‘ragan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Aleksandr Lukashenko iltimosiga binoan Belarusga yordam berish maqsadida huquq-tartibot organlari xodimlaridan maxsus zahira bo‘linmasini tashkil etganini e’lon qildi.

Hozircha rus harbiy kuchlaridan Belarusda foydalanishga zarurat yo‘q, dedi Putin.

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya-Belarus chegarasi tomon harbiy texnika ketayotgani aks etgan videolar paydo bo‘ldi.

“Rossiya” telekanaliga 27 avgust kuni bergan intervyusida Putin rezerv kuchlar Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko iltimosiga binoan tuzilganini ma’lum qildi.

U rus harbiylarining Belarusga yuborishga “hozircha zarurat yo‘qligi”ni aytdi.

Putin fikricha, Belarusda boshlanib ketgan siyosiy inqiroz davomida Rossiya o‘zini “boshqa Yevropa davlatlari va AQShdan farqli o‘laroq neytral va vazminlik bilan tutmoqda":

- Bizning, albatta, Belarus oldida majburiyatlarimiz bor. Va Lukashenko masalani xuddi shunday qo‘ydi: u zarurat tug‘ilsa kerakli yordam berishni so‘rab, murojaat qildi. Men unga Rossiya o‘z majburiyatlarini bajarishini aytdim. Aleksandr Grigoryevich huquq-tartibot organlari xodimlaridan iborat maxsus rezerv tuzishni so‘radi va men buni bajardim.

Biz u vaziyat izdan chiqmaguncha ishlatilmasligiga ham kelishdik. Rossiya kuchlari turli ekstremistik elementlar Belarusda chegaralarni buzmaguncha, talon-toroj qilishga o‘tmaguncha ishlatilmaydi, dedi Vladimir Putin.

Aleksandr Lukashenko esa 15 avgustdayoq qo‘shni davlat prezidenti Ittifoqchi davlat va KXShT a’zosi bo‘lgan Belarus “xavfsizligini ta’minlash uchun har tomonlama yordam berishi”ni bildirgan edi.

17 avgust kuni Rossiyaning E95 va M1 trassalarida Rosgvardiya mashinalariga o‘xshash va davlat raqami o‘qilmagan o‘nlab “Ural” va “KAMAZ” harbiy mashinalari Belarus chegarasi tomon ketayotgani qaydga olingandi.

Conflict Intelligence Team (CIT) tadqiqotchilar guruhi Belarus chegarasi tomon harbiylar to‘la mashinalar ketayotgan bir nechta videoni YouTube kanali orqali e’lon qildi.

Avgust kuni Belarusda davlat rahbari saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Davlat Markaziy Saylov Komissiyasi Aleksandr Lukashenko 80,1%, uy bekasi Svetlana Tixanovskaya - 10,12 % ovoz olganini ochiqlaganidan so‘ng, mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari avj olib ketdi.

Hanuzgacha davom etayotgan aksiyalar ishtirokchilari saylov natijalari qalbakilashtirilgani va amalda ko‘pchilik Tixanovskayaga ovoz berganini aytib kelmoqda. Belarus Ichki ishlar vazirligi rasmiy xabariga ko‘ra, mitinglar va piketlar davomida 7 mingga yaqin odam hibsga olingan, yuzlab odamlar jarohatlangan.

Politsiya va OMON jangchilari bilan to‘qnashuvlar paytida uch nafar Belarus grajdani halok bo‘ldi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG