Линклар

Шошилинч хабар
05 август 2021, Тошкент вақти: 09:39

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov kenja qiziga uch kechayu uch kunduz to‘y berdi


Telegramdagi mahalliy kanallarda tarqagan bu suratda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning qiziga kelgan sarpolar aks etgani aytilmoqda

O‘tgan hafta oxirida Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov kenja qizi Qizlarxonni katta dabdaba bilan turmushga uzatdi.

Ozodlikka bu haqda xabar yuborgan mahalliy mulozim va tadbirkorlarga ko‘ra¸ asli paxtaobodlik Abdurahmonov ota hovlisida uch kun to‘y bergan; asosiy tadbir 26 - iyun kuni Andijondagi eng katta to‘yxonada bo‘lib o‘tgan.

Ozodlikka yuborilgan surat va videolarda Abdurahmonov qizining faqat xotin-qizlar uchun uyushtirilgan bir necha yuz kishilik bazmi, undagi to‘kin-sochinlik aks etgan.

O‘tgan yozda Shuhrat Abdurahmonovning ayni shu qiziga koronavirus karantini paytida dabdabali tug‘ilgan kun ziyofati uyushtirgani ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi.

O‘zbekistonda hokimlar soliq to‘lovchi hisobidan oylik oladi. Qashqadaryo viloyati hokimi o‘zi va hamkasblarining 3 million so‘mdan ko‘proq (joriy kurs bo‘yicha taqriban 300 AQSh dolllari) oylik olishini bildirgan.

Prezidentdan to vazir va hokimlari¸ ular oila-a’zolarining o‘z daromadini jamoatchilikka ochiqlashini talab qiluvchi qonun hanuz qabul qilinmagani uchun¸ O‘zbekiston boshqaruvidagi amaldorlarning o‘z hashamatli hayot tarzini qaysi mablag‘ evaziga moliyalashi sir bo‘lib qolmoqda.

Uch kechayu uch kunlik to‘y

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov iyunning oxirgi dam olish kunlari o‘tkazgan to‘y haqida Ozodlikka bir-biridan mustaqil to‘rt manba xabar berdi.

Aytilishicha¸ Abdurahmonov SSSR paytida Andijon shahar ijroiya kengashiga raislik qilgan Zokirjon Mashrabov oilasi bilan quda bo‘lgan.

- Zokirjon akaning o‘g‘li Zohidjon Bobur xalqaro fondini boshqaradi. Abdurahmonov qizini shu odamning o‘g‘liga berdi. AQSh¸ Avstraliyada o‘qib kelgan deyishdi kuyovni. Toshkent premium restoranidagi to‘yni kuyov taraf qildi. Abdurahmonov qiz bazmi va boshqa ziyofatlarni Paxtaoboddagi hovlisida o‘tkazdi¸ deydi to‘y tafsilotidan yaxshi xabardor andijonlik mulozim.

Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonovning qiziniki ekani aytilayotgan to‘y marosimi.
Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonovning qiziniki ekani aytilayotgan to‘y marosimi.

Paxtaobod hokimiyat tizimida ishlovchi boshqa bir mulozim Abdurahmonovning bu tumandagi to‘y ziyofatlari uch kechayu uch kunduz davom etganini bildirdi.

Shuhrat Abdurahmonovning Paxtaobod tuman Bo‘ston qishlog‘idagi hovlisi o‘z hashamati bilan boshqa hovlilardan ajralib turishi aytiladi
Shuhrat Abdurahmonovning Paxtaobod tuman Bo‘ston qishlog‘idagi hovlisi o‘z hashamati bilan boshqa hovlilardan ajralib turishi aytiladi

- Abdurahmonovning Bo‘ston qishlog‘ida juda hashamatli hovlisi bor. Ota hovlisining oldiga ikki qavat qilib qurgan. Bu qishloqda boshqa unaqasi yo‘q. To‘y juma kuni boshlanib¸ yakshanba kuni ham davom etdi. To‘y xarajatlarini¸ asosan ¸Paxtaobod hokimligi ko‘tardi. Andijondagi hamma tuman hokimlari¸ tashkilot rahbarlari xizmatda turdi. GAI¸ elektr¸ suv va boshqa ta’minot xizmatlari ishchilari uch kun Bo‘stonda yotib ishladi. Shanba kuni nahorgi osh berdi. 300 odam chaqirildi¸ deyishdi. Xizmatdagilarni qo‘shganda¸ kami 500-600 odam bo‘ldi. Yo‘llar butunlay yopilmadiku¸ lekin qishloqqa faqat taklifnomasi borlar kiritildi¸ post va grajdanskiydagilar, qo‘riqladi deydi paxtaobodlik mulozim.

Andijon viloyati hokimining qiziniki ekani aytilayotgan to‘y tadbiridan olingan suratlar Telegramda yoyinlanmoqda
Andijon viloyati hokimining qiziniki ekani aytilayotgan to‘y tadbiridan olingan suratlar Telegramda yoyinlanmoqda

Bu mulozim va andijonlik tadbirkorga ko‘ra¸ Abdurahmonov qizining to‘yiga chaqirtirilgan mehmonlardan mobil telefonlar yig‘ishtirib olingan.

- Prezident Andijonga oxirgi kelganida (17-18 - iyun kunlari) Shuhrat Abdurahmonovga dakki bergan. Ishingdan ko‘nglim to‘lmayapti¸ degan. To‘ydan biror ishkal chiqib¸ prezidentning jahlini chiqarmasin¸ deb rasm va video tarqamasligini oldini olishga harakat qilishdi¸ deydi to‘y tafsilotlaridan xabardor tadbirkor.

Abdurahmonovning mahalliy kuchishlatar tizimlarini o‘z shaxsiy tadbirida ishlatib¸ mehmonlardan mobil telefonlarini terib olganiga qaramay¸ Telegramda to‘yga oid surat va videolar tarqay boshladi.

30 - iyun kuni Ozodlikka yuborilgan shunday videolardan biri¸ kelin ishtirokida o‘tkazilgan ayollar bazmidan yozib olingan.

Unda 10 martaga yaqin o‘z libosini o‘zgartirgan kelinning deyarli hammasi islomiy hijobda bo‘lgan ayollar davrasiga ta’zim qilgani¸ ular bilan suratga tushgani aks etadi. Tadbirning aniq kuni Ozodlikka ma’lum emas.

Dasturxondagi noz-ne’matlarning ham soliq to‘lovchi hisobidan oylik oladigan hokimning rasmiy daromadi chidamaydigan darajada serobligi ko‘riladi.

Bu suratning ham Andijon viloyati hokimi qizining to‘yi munosabati bilan yoyilgan ziyofat dasturxonlaridan biri ekani aytilmoqda
Bu suratning ham Andijon viloyati hokimi qizining to‘yi munosabati bilan yoyilgan ziyofat dasturxonlaridan biri ekani aytilmoqda

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸20 yashar Qizlarxon Abdurahmonovaning nikoh ziyofati Andijondagi eng hashamatli Toshkent premium to‘yxonasida o‘tkazilgan va unda Toshkentdan kelgan san’atkorlar xizmat qilgan. Suhbatdoshlar to‘yga kelganlar orasida xonanda Mavluda Asalxo‘jayevaning borligini tilga oldi.

Instagram sahifasiga bundan uch kun oldin qo‘yilgan videolarda Asalxo‘jayeva o‘zi va jamoasining Andijonga to‘yga ketayotganini aytib¸ yoshlarga baxt tilaydi. Xonanda qo‘ygan so‘nggi videolarda to‘y sahnasi ham aks etgan¸ ammo uning aynan Andijon viloyati hokimi to‘yidan olingan-olinmagani ma’lum emas.

Andijonning o‘z so‘kong‘ichligi bilan tanilgan hokimi Shuhrat Abdurahmonov O‘zbekistonda pandemiya cheklovlari amalda bo‘lgan 2020 - yilning 16 - avgustida aynan shu kenja qiziga hashamatli tug‘ilgan kun uyushtirib bergan edi.

Вабо пайтидаги байрам? Андижон вилоят ҳокими кенжа қизига дабдабали туғилган кун зиëфати уюштирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:13 0:00

Xizmat bahosi bir necha ming dollarga boradigan xonanda Munisa Rizayeva bu tadbirda qatnashgan va undan olingan surat va videolarni Instagramga qo‘ygan edi.

Bu tadbir “vabo paytidagi bayram” sifatida ijtimoiy tarmoqlarda kuchli e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Shuhrat Abdurahmonov bu e’tirozlarga biror shaklda javob bergan emas.

Andijon viloyati va Paxtaobod tuman hokimlari matbuot xizmatlaridan Shuhrat Abdurahmonov 2021 - yil iyunida o‘tkazgan uch kunlik to‘yga oid savollarga javob olishning imkoni bo‘lmadi. Hokimlik rasmiylariga ajratilgan telefon raqamlariga kun davomida hech kim javob bermadi.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan dabdabali to‘ylarga qarshi kampaniya boshlagan va o‘z amaldorlarini kichik va kamxarj to‘y o‘tkazishda jamoatchilikka o‘rnak bo‘lishga chaqirgan edi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senat 2019 - yil sentabrida qabul qilingan qo‘shma qarorga ko‘ra¸ respublikada to‘y va marosimlarni o‘tkazish bo‘yicha qator cheklovlar joriy qilingan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG