Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:49

O‘zbek hujumchisi qurbonlari: 5 kursdosh,”eng go‘zal ona”, oiladagi yagona farzandlar


Qadrdon kursdoshlarning Nyu Yorkka uchish oldidan Buenos Ayresda tushgan so‘nggi surati.
Qadrdon kursdoshlarning Nyu Yorkka uchish oldidan Buenos Ayresda tushgan so‘nggi surati.

O‘zbekistonlik muhojir Sayfullo Soipov 31 oktabr kuni Nyu Yorkda amalga oshirgan terror xuruji qurbonlari jasadi payshanba kuni yaqinlariga topshirildi. Argentinalik besh kursdoshning o‘limi munosabati bilan ular tug‘ilib-o‘sgan Rosario (Rosario) shahrida uch kunlik motam e’lon qilindi¸ uch yashar va uch oylik o‘g‘illarning 31 yashar onasi jasadi ham Belgiyaning Staden (Staden) shaharchasiga yuborildi¸ amerikalik ikki yosh yigit oilasining esa¸ hozircha “bunday ma’nisiz qotillik”ni qabul qilishga ojiz qolayotgani aytilmoqda.

10 kursdoshning beshi ketdi¸ beshi qoldi ...

31 oktabr kungi terror hujumida o‘lganlarning beshtasi argentinalik sayyohlardir.

Poytaxt Buenos Ayresdan 300 km masofada joylashgan Rosario shahridagi Politexnika kollejini bitirganliklarining 30 yilligini nishonlashga kelishgan kursdosh yigitlar¸ uchrashuv joyi qilib Nyu Yorkni tanlashadi.

Bu taklifni Bostonda yashayotgan kursdoshlardan biri taklif qiladi va uchrashuvni tashkillashtirishga bir yil vaqt ketadi.

Aksariyati arxitektor bo‘lgan 48-49 yoshdagi kursdoshlarning yettitasi shanba – 28 oktabr kuni AQShga uchib keladi. Samolyotga chiqish oldidan sayohatchi kursdoshlar "Libre" (Erkin) deb yozilgan bir xil maykada birga rasmga tushadilar.

Amerikadagi uchrashuvning yana bir qatnashchisi¸ mahalliy po‘lat shirkatining badavlat egasi va ikki yupqaqo‘l do‘stining safari xarajatini to‘lagan Ariel Erlij esa¸ biznes uchrashuvi bois¸ AQShga ertasi kun uchib keladi.

10 kursdosh yakshanba-dushanba kunlari Bostonda – uchrashuvni tashkil qilgan Martín Marro mehmoni bo‘lganidan so‘ng¸ seshanba kuni Bostondan Nyu Yorkka keladilar.

Manhattanni velosipedda kezishga qaror qilgan kursdoshlar¸ mahalliy vaqt bilan tushdan keyingi soat 3 lardan o‘tib¸ West St-Houston ko‘chasining velosipedchilar uchun ajratilgan maxsus yo‘lagida harakatlanayotgan paytda¸ bir yillik hozirlikdan so‘ng piyodalarga yuk mashinasi bilan hujum qilishga qaror bergan Sayfullo Soipov xuruji nishoniga aylanadi.

Ularning ko‘cha tarafdan ketayotgan beshtasi - Diego Enrique Angelini, Ariel Erlij, Hernán Ferrucci, Hernán Diego Mendoza and Alejandro Damián Pagnucco voqea joyida nobud bo‘ladi¸ yuk mashinasi zarbidan yo‘lak chetiga o‘t ustiga qulagan beshtasi - Ivan Brajkovic, Juan Pablo Trevisan, Ariel Benvenuto¸ Guillermo Banchini va Martín Marro turli jarohat bilan omon qoladi.

Toshkentlik muhojir Sayfullo Soipov zarbasidan Nyu Yorkda o‘lgan besh argentinalik do‘st.
Toshkentlik muhojir Sayfullo Soipov zarbasidan Nyu Yorkda o‘lgan besh argentinalik do‘st.

Nyu Yorkdagi Argentina konsulining matbuotga aytishicha¸ tirik qolganlar qattiq shokka tushish oqibatida¸ do‘stlarining o‘lganini tushuna olmagan. Ularning ayrimlari hozirda “hayotiga xavf solmaydigan jarohatlar” bilan kasalxonada qolmoqda.

Qadrdon do‘stlarini AQShga taklif qilgan Martín Marroning rafiqasi jurnalistlarga¸ erining jismoniy yaralari tuzalgan taqdirda ham¸ besh do‘stni bir lahzada yo‘qotish va ular o‘limiga guvoh bo‘lishdan tug‘ilgan ruhiy jarohatning bir umr bitmasligini bildirgan.

O‘z shahrida yaxshi tanilgan arxitektor-kursdoshlar umrining bu qadar kutilmaganda fojia bilan yakun topganidan larzaga tushgan rosarioliklar ular uchun uch kunlik motam tutmoqda.

“Eng go‘zal ona”

31 yashar belgiyalik Anne-Laure Decadt Sayfullo Soipovning qonli yurishi yo‘lidagi yagona ayol qurbon. Biri uch yashar¸ boshqasi uch oylik bolakaylar onasi hujum paytida onasi va ikki singlisi bilan Quyi Manhattan ko‘charidan biridagi maxsus yo‘lakda velosipedda ketayotgan bo‘lgan.

Anne-Laure Decadt
Anne-Laure Decadt

Uning Belgiyada qolgan eri Alexander Naessens¸ New York Times gazetasining yozishicha¸ xotinining o‘lgani xabarini bir soatcha o‘tib telefon qilgan NewYork-Presbyterian kasalxonasi vrachlaridan eshitgan.“Bu chidab bo‘lmas¸ aql bovar qilmas yo‘qotishdir. Anne-Laure ... benazir rafiqa va ikkala o‘g‘limizning eng go‘zal onasi edi”¸ deydi ikki norasida bolasi onasiz qolgan Alexander Naessens.

Belgiyaning g‘arbiy Flanders mintaqasidagi Staden shaharchasi hokimiga ko‘ra¸ Anne-Laure singillari bilan juma kuni Nyu Yorkka kelgan va bu yerda Halloween bayramining nishonlanishini ko‘rishni rejalagan. Ammo belgiyalik yosh ona¸ bu bayram boshlanmay turib¸ Soipov mashinasi zarbidan hayotdan ko‘z yumdi¸ uning onasi va singillari jarohat bilan omon qoldi.

3 noyabr kuni 11 mingga yaqin aholi yashovchi stadenliklar bir haftalik quvnoq sayohatga ketib¸ terrorchi hujumi nishoniga aylangan Anne-Laure jasadining AQShdan keltirilishini kutmoqda.

“Onasining yakkayu yolg‘iz farzandi¸ tayanchi”

Toshkentlik Sayfullo Soipovning shavqatsiz hujumi oqibatida o‘lganlarning yana biri 23 Nicholas Clevesdir.

Hujumning eng yosh qurboniga aylangan bu yigit Nyu Yorkda kompyuter muhandisi sifatida endigina ish boshlagan va Soipov mashinasidan zarba yegan paytda maxsus yo‘lakda quloqchin bilan muzika eshitib velosiped haydab ketayotgan bo‘lgan.

“Opam mutlaq shokda va uning qayg‘usiga taskin yo‘q. Oila sifatida biz hammamiz tamom bo‘ldik. Nicholas ajoyib inson¸ opamning yakka-yolg‘iz o‘g‘li¸ yagona farzandi edi. Ona-bola juda yaqin edi. To‘rt yil oldin uning otasi to‘satdan o‘lganidan keyin¸ opam unga qattiq suyanib qolgan edi”¸ deydi qurbonning xolasi Nicole Missio AQSh matbuotiga.

“Oilamiz hozir shu qadar kuchli qayg‘u-hasratda¸ shu qadar karaxtki¸ hatto uni o‘ldirganning kimligi¸ nimaga bu qotilikka qo‘l urganini o‘ylashga kuch topolmayapmiz¸ degan bu ayol¸ “ro‘y bergan voqeani ma’nisi¸ absurd deyishdan boshqa so‘z topolmasligini aytadi.

“Farishtadek beg‘ubor¸ ko‘ngilchan bola”

“Soat 5 bo‘ldi¸ lekin Darren kelmadi”¸ deydi jurnalistlar gaplashgan 8-qurbon – 32 yashar Darren Drakening otasi.

Darren Drake
Darren Drake

Darrenning daragi chiqavermagach¸ Nyu Jersidan yashovchi ota-onasi uni izlab Manhattenga kechki payt mashinaga keladi¸ Bellevue kasalxonasida ularga ertalab ishga deb chiqib ketgan o‘g‘ilalrining allaqachon o‘lganini aytishadi.

"Biz o‘zimizni tamoman yo‘qotib qo‘ydik. 33 yil sevib-parvarishlagan bolamizni yo‘qotib qo‘ydik”¸ deydi ikki haftadan keyin 33-tug‘ilgan kunini nishonlashi rejalangan Darrenning motamsaro otasi.

Ota-onasining suyangan tog‘i bo‘lgan Darren Moody's Investors Service moliya guruhining Quyi Manhattanning Jahon savdo markazi binosida joylashgan ofisida loyiha boshqaruvchisi bo‘lib ishlagan.

“Hayot o‘ziga orzu qilgan hamma narsani bera boshlagan ko‘ngilchan Darren” kitob o‘qishga mukkasidan ketgan ziyoli yigit bo‘lgan - u ishxonasi yaqinida audiokitob eshitib¸ velosipedda ketayotgan paytida o‘lim quroliga aylangan yuk mashinasi zarbidan nobud bo‘ldi.

“Dunyoda Darrendek begunoh¸ ko‘ngli toza bola boshqa bo‘lmasa kerak”¸ deydi bu qurbonning otasi.

2001 yilning 11 sentabridan beri Nyu Yorkda qayd etilgan eng qonli terror xuruji qurbonlari uchun ular yaqinlari barobarida nyuyorkliklar ham motam tutmoqda¸ ular ruhi uchun shamlar yoqib¸ xotira marosimlari o‘tkazmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG