Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 07:54

AQSh adliya vazirining Myuller tergovi bo‘yicha bayonoti ko‘p savollar tug‘dirmoqda


AQSh adliya vazirligi rahbari, mamlakat bosh prokurori Uilyam Barrning maxsus prokuror Robert Myullerning hisoboti bo‘yicha qisqacha bayonotidan so‘ng oradan bir necha daqiqa o‘tib, bir narsa oydinlashdi: prezident Donald Trampning kampaniyasi 2016 yilgi saylov davrida Rossiya bilan g‘oyibona til biriktirgani yoki faoliyatini uning hukumati bilan muvofiqlashtirgani masalasi hali o‘z yechimini topmabdi.

Trampning komandasi prezident "oqlanganini" bayram qilishni boshlab yubordi. Barrga ko‘ra, Myullerning tergovi “Trampning kampaniyasi a’zolari o‘sha davrda Rossiyaning saylovga aralashishi xususida til biriktirmagan va faoliyatini uning hukumati bilan muvofiqlashtirmagan”.

− Maxsus prokuror na fitna va to‘siq qo‘yilganini aniqladi. Vazir Barr bilan uning o‘rinbosari Rozenstayn hech qanday to‘siq bo‘lmaganini aniqladi, − deb yozdi Oq Uy matbuot kotibi Sara Sanders Tvitterda. – Adliya vazirligi xulosalari Qo‘shma Shtatlar prezidentini butunlay va to‘liq oqlaydi.

Tramp tergov davrida odil sudlovga to‘sqinlik qilganmi, degan savolga hali uzil-kesil “yo‘q” degan javob yo‘q.

“Maxsus prokuror “garchi ushbu hisobotda prezident jinoyat sodir etdi, deb aytmagan bo‘lsa-da, bu uni javobgarlikdan xalos etmaydi”, deyiladi Barrning 22 oylik tergovning “printsipial xulosalari” haqidagi to‘rt sahifali bayonotida. Barrni Tramp adliya vaziri sifatida tanlagan va Kongress o‘tgan oyda ushbu lavozimga tasdiqlagan edi.

Barrning bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, Myuller odil sudlovga to‘sqinlik qilingani haqida “xulosa chiqarmasdan”, faqat faktlarni keltirgan. Bundan u bilan vazir o‘rinbosari Rod Rozenstayn “prezident odil sudlovga to‘sqinlik qilib, jinoyat sodir etgan, degan xulosa chiqarish uchun Myullerning tergovi davridagi isbotlar yetarli emas degan xulosaga kelgan”.

AQSh adliya vaziri Barr Myullerning komandasi yangi ayblov xulosalari chiqarishni rejalashtirmayotganini aytdi.

Oq Uyning Barr bayonoti bo‘yicha fikrini demokratlar rad etishi ko‘p kuttirmadi. Ular Barrni isbotlarni yo‘q qilmaslikdan, Myuller hisobotining to‘liq xulosasi bo‘yicha guvohliq berish uchun chaqiriq qog‘ozi yuborishlari mumkinligidan ogohlantirdi.

Myuller tergov davomida 2800 ta chaqiriq qog‘ozi yubordi hamda 30 dan oshiq kishi va yuridik shaxsga ayblov e’lon qildi. Ammo Trampning yordamchilari bilan Rossiya rasmiylari o‘rtasida aloqalar muvofiqlashtirilgani yoki yo‘qligi bo‘yicha hech qanday bevosita ayb qo‘yilmadi.

Boz ustiga, Rossiya Demokratlar partiyasidan bo‘lgan muxolifi Hillar Klintonni obro‘sizlantirish uchun Trampga yordam berish maqsadida 2016 yilgi prezident sayloviga aralashgan yoki aralashmaganini aniqlash uchun ikki yil tergov qilganiga qaramasdan, jinoyat sodir etilgan, degan xulosaga kelmadi. Buni aniqlashni adliya vaziriga qoldirdi.

‒ Adliya vazirining hisobot xulosalari to‘g‘risida qisqacha bayonot berishi yetarli emas. Kongress qo‘mitalar mustaqil ishlashi uchun to‘liq hisobot va unga tegishli hujjatlarni talab qiladi. Bu nazorat va Myuller hisobotidan kelib chiqadigan masalalar yuzasidan qonunlar qabul qilish uchun ham kerak, ‒ dedi Vakillar palatasi spikeri, demokrat Nensi Pelosi.

Adliya vazirligi Myuller hisobotining qanchalik qismini e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqayotgan paytda huquqshunoslar hisobot qanchalik oshkor qilinishi borasida tortishuvlar davom etishini aytmoqda. Tortishuvlarga yana maxsus prokuror Trampning qonun chiqaruvchilar prezidentga impichment e’lon qilishiga asos bo‘ladigan jinoyat sodir etganini topgan yoki topmaganini aniqlash ham sabab bo‘lishi shubhasiz.

Barrning bayonotida aytilishicha, Myuller Tramp kampaniyasi vaqtida Rossiya hukumati bilan til biriktirganlik yoki uning saylovga ta’sir ko‘rsatishga urinish holatlarini aniqlamagan, biroq “Rossiya bilan bog‘liq shaxslar ko‘p marta kampaniyaga yordam berishni taklif qilgan”. Bayonotda o‘sha shaxslarning kim ekani aytilmadi. Demokratlar fitna aniqlamaganiga oid xulosa haqida ko‘proq ma’lumot berilishini talab qildi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG